Sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari N.Q. Xolmurodov boshchiligida respublikadagi tashkil etilgan sanoat zonalari (maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari) bo‘yicha videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Respublikada jami 22 ta erkin iqtisodiy zonalar, 503 ta kichik sanoat zonalari va 211 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.
Mazkur yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli rahbar va mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda, respublikaning barcha sanoat zonalaridagi bo‘sh yer maydonlarni auksion savdolariga chiqarish, shuningdek yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha tegishli bank rahbarlari, viloyat hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha o‘rinbosarlari va direksiya direktorlariga ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, rejadagi amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘z muddatida ishga tushurish va yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi “Hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–271-son qarorida berilgan topshiriqlarni ijrosini o‘z muddatida taʼminlash maqsadida tarmoq korxonalari bilan muxandislik kommunikatsiya obyektlarini qurishni tezlashtirish va ushbu qaror bilan ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirilishni jadallashtirish zarurligi taʼkidlab o‘tildi.