O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi
Joriy yilning 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan sa'y-harakatlar, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish choralari muhokama qilindi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov yigʻilish qatnashchilariga JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi va ularni 2023-yilda bu jarayonni tezlashtirish doirasida bajariladigan ustuvor vazifalar bilan tanishtirdi.
Mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, xorijdagi elchilarga mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishi doirasida hukumat tomonidan belgilangan vazifalarning asosiy yo‘nalishlari tushuntirildi.
Mamlakatning Tashkilotga kirishini jadallashtirish maqsadida JSTga aʼzo barcha davlatlarning bozorlariga tovar va xizmatlarimizning kirib borishi yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va yakunlari boʻyicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikning samaradorligini oshirish, qo‘shma sa'y-harakatlarning natijalarini doimiy tahlil qilib borish, shuningdek, O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lishi jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha fikr almashish maqsadida ushbu formatdagi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib borishga qaror qilindi.