Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Oʻzbekiston-Ozarbayjon savdo va investitsiyaviy hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi

Joriy yilning 24-dekabr kuni hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Boku shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etgan uchrashuvda investitsiyaviy, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida tomonlar ikki tomonlama munosabatlar rivojidagi ijobiy dinamikani va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifining muhim natijalarini hamda ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kuchli turtki boʻlganini qayd etdilar.

Uchrashuvda savdo aloqalarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kelgusi 5 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga oʻzaro tayyorlik bildirilib, bu borada bir qator aniq amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishini hamda istiqbolli investitsiya loyihalarining "road-show"si bilan birga Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlari birinchi forumini 2023-yil boshida Toshkent shahrida tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Suhbat chog‘ida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, ya’ni qo‘shma ipakchilik va to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va zargarlik sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va ikki tomonlama sheriklikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini bildirdilar.