Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va Vengriya o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 17-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadji bilan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida davlatlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda ijobiy dinamika kuzatilayotgani, bunga O‘zbekiston rahbarining joriy yil oktabr oyi boshida Vengriyaga tashrifi katta turtki bergani ta’kidlandi.

Tomonlar amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar. O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik 42 ta hujjatni jadal ijro etish bo‘yicha chora-tadbirlarni tahlil qilish va ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika, bank-moliya, transport va logistika sohalarida, shuningdek, suv xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish sohasida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik qilish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Xususan, Vengriyaning Bona Farm, Master Good va Kite kompaniyalari vakillarining parrandachilik klasterlarini tashkil etish, intensiv bog‘dorchilik va meva-sabzavotlarni qayta ishlash, RABA va Joison Safety Systems kompaniyalari xodimlarining avtomobilsozlik sanoati uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishni tashkil etish, Meditop, Femfelgozzo, Gideon Rixter kompaniyalari innovatsion dori vositalari, tibbiy mebellar va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonalarini yaratish kabi loyihalarini batafsil o‘rganish maqsadida tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bank-moliya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, tomonlar O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma investitsiya jamg‘armasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar, shuningdek, OTP Group bilan loyihani amalga oshirishni faollashtirishga kelishib oldilar.

Transport-logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning jihatlari alohida ko‘rib chiqildi. Tomonlar Wiz Air aviakompaniyasi bilan Samarqand – Abu-Dabi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslari muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilganini olqishladilar va oʻzbekistonlik investorlar ishtirokida qoʻshma aviatashuvchi kompaniyani yaratish masalasini muhokama qildilar. Havo qatnovi toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolashni tezlashtirishga kelishildi.

Suv xo‘jaligi jarayonlarini raqamlashtirish sohasida kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tegishli ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida “Yo‘l xaritalari” va dasturlarini bajarish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirish va aniq amaliy choralar ko‘rishga sodiqligini bildirdilar.