Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘llari muhokama qilindi

Joriy yilning 30-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan uchrashdi. Kun tartibida – savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda munosabatlarni chuqurlashtirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasidagi hamkorlik va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalari.

Muloqot chogʻida oʻzaro tovar ayirboshlashning oʻsish dinamikasi taʼkidlandi. Uning hajmi 2022-yilda 15,7 foizga oshib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan oʻzaro savdo hajmi bo‘yicha yetakchi beshtaligiga Germaniya, Litva, Italiya, Polsha va Fransiya kiradi. O‘sish tendentsiyalari, boshqa jihatlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning GSP+ preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomiga ega bo‘lgani bilan bog‘liq.  Yevropa Ittifoqi bozoriga yetkazilgan eksport hajmining o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 ga oshgani va diversifikatsiya qilingani aynan shu maqom beradigan imtiyozlar bilan bog‘liq.

Yevropa tomoniga mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi jarayonida, xususan, Ittifoq tomonidan moliyalayotgan “Oʻzbekistonning JSTga kirish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasini amalga oshirish orqali koʻrsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

Alohida tartibda ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, ijrosiga 76 million yevro ajratilgan 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bo‘yicha yangi ko‘p yillik indikativ dasturi ko‘rib chiqildi. Dasturning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, samarali davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlari Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiqligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish va ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish niyatlarini tasdiqladilar.