O‘zbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash yo'llari muhokama qilindi
Joriy yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari Toshkent shahrida Turkiya Respublikasi iqtisodiy tadqiqotlar jamg'armasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan "Turkiya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligining yangi istiqbollari" mavzusidagi tadbirda ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, mintaqaviy va xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni jadallashtirish, infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro Transkaspiy yo‘lagidan foydalanishni yanada faollashtirish, yuk tashish hajmini oshirish, narxlarni optimallashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish va yirik logistika infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishni nazarda tutgan holda mintaqalararo transport va logistika sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar turk biznesining o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar va uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.