O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 29-dekabr kuni hukumat delegatsiyasining ishchi tashrifi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqot davomida asosiy eʼtibor Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning yaqinda Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari boʻyicha ikki Davlat rahbarlarining berilgan topshiriqlarini bajarishga qaratildi.
Alixon Smailov tashrif natijasida ikki tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi. Ularning amalga oshirilishi maxsus ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da batafsil bayon etilgan bo‘lib, respublikalar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Tomonlar o‘zaro savdo munosabatlarini rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik faol chuqurlashib borayotganini qayd etdilar. Shu o‘rinda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning turli dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomoni mamlakat hukumatining oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha mushtarak maqsad va natijalarga erishish uchun Qozogʻiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda samarali ishlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri ikki davlat prezidentlarining 2022-yil 21-22-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan muzokaralari yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni imzoladi. O‘zbekiston tomonidan mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan imzolanadi.