Ozarbayjon bilan transport va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari oʻrganildi
Joriy yilning 24-dekabr kuni Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev "Alyat" erkin iqtisodiy zonasi va "Boku xalqaro dengiz savdo porti" YoAJ rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar chog‘ida Ozarbayjon porti va EIZ resurslari va imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish asosida sarmoyaviy, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Ozarbayjon “Alyat” EIZ boshqaruvi raisi Valeh Aleskerov bilan erkin iqtisodiy zonada oziq-ovqat, charm-poyabzal, to‘qimachilik va boshqa yuqori talabga va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, MDH va boshqa qoʻshni davlatlar bozorlariga eksportni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga urg‘u bergan holda sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
“Boku xalqaro dengiz savdo porti” YoAJ bosh direktori Taleh Ziyadov bilan transport-logistika aloqalarini yanada kengaytirish, xususan, konteynerlar tashish va “Ro-Ro” usulida yuklarini dengiz portlari orqali yetkazish hajmini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim imzolanganini olqishladilar. Boku xalqaro dengiz savdo porti negizida oʻzbek omborlari va konteyner terminallarini ochish istiqbollari hamda yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojlar uchun zarur tovarlarni ikki davlat hududlari orqali oʻzaro tashish masalalarini muhokama qilish uchun Xalqaro avtomobil transporti boʻyicha Aralash komissiya yigʻilishini oʻtkazish lozimligi ta'kidlandi.
Uchrashuvlar yakunida muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish doirasida kelgusidagi hamkorlik formati kelishib olindi.