Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Chexiya savdo-iqtisodiy hamkorligining chegaralari kengaymoqda

2023-yilning 17-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Chexiya Respublikasi sanoat va savdo vaziri Yozef Sikel raisligida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning (HK) 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ikki davlatning asosiy vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida o‘sib borayotgan ishonch va yuqori darajadagi doimiy muloqotni yuqori baholadilar. Chexiya hukumati rahbarining joriy yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifi qayd etildi. Taʼkidlanganidek, samarali hukumatlararo aloqalar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi bir necha yil ichida ikki baravar oshdi. O‘zbekiston va Chexiya ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga qiziqishi kuzatilmoqda.

Yig‘ilishda konchilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, gidroenergetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bank sohasida o‘zaro manfaatli investisiya loyihalarini amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni oshirishga to‘liq tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida, shuningdek, delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Laziz Kudratov va Yozef Sikel qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish salohiyatidan toʻliq foydalanishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Konstruktiv fikr almashish hamkorlikni faollashtirishning bir qator istiqbolli tarmoqlarini aniqlash, erishilgan kelishuvlarni monitoring qilish va nazorat qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Yig‘ilish yakunlari boʻyicha HK yigʻilishining Yakuniy bayonnomasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” imzolandi, unda yangi oʻzaro manfaatli loyihalar va ilgʻor tashabbuslar oʻz aksini topdi.