Oʻzbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini qurish boʻyicha ishlarning borishi muhokama qilindi
Joriy yilning 28-dekabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida Xorazm viloyatining Shovot tumanida “O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi – Savdo markazi”ni qurish bo‘yicha ishlarning borishi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda manfaatdor vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil oktabr oyida Turkmanistonga Davlat tashrifi chog‘ida imzolangan “O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi – Savdo markazi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi Bayonnomada belgilangan aniq vazifalar ijrosi atroflicha tahlil qilindi.
Xorazm viloyati Shovot tumani hududidan 3 gektar yer uchastkasi ajratish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, barcha manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan kelishish va loyihani moliyalashtirish uchun tijorat banklarini jalb qilish bilan bog‘liq masalalarni hal etish yuzasidan Ishchi guruhlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Har bir topshiriqning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatgan holda, loyihaning har bir bosqichini sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Savdo markazining ish rejimlarini muvofiqlashtirish, soliq ma’muriyatchiligi, bojxona va chegara nazoratida imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash doirasida Turkmaniston tomoni bilan o‘zaro hamkorlikning jihatlari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni izchil va sifatli hamkorlikda hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Yigʻilish yakunida ishtirokchilar eʼtibori ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida Savdo markazini qisqa muddatlarda ishga tushirishning ahamiyati va istiqbollariga qaratilib, loyihani amalga oshirishni jadallashtirish doirasida qoʻshimcha vazifalar belgilandi.