Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va BMT Orolbo'yi mintaqasida barqaror rivojlanish bo'yicha hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgiladi

Joriy yilning 5-sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o'rinbosari Badriddin Abidov hamda BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori Roli Asthana o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuv davomida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari va Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasini qo'llab-quvvatlash, mintaqada turmush darajasini oshirish bo'yicha tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar Orolbo'yi mintaqasida moliyalashtirish va keyinchalik amalga oshirish uchun loyihaviy takliflarni tanlash bo'yicha Trast jamg'armasi boshqaruv qo'mitasining navbatdagi yig'ilishini o'tkazish masalasini ko'rib chiqdilar.

Shuningdek, Trast jamg'armasining 2024-2030 yillardagi faoliyatini amalga oshirishni ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Jumladan, donor mamlakatlarning moliyaviy resurslarini Orolbo'yi mintaqasiga jalb qilishni muvofiqlashtirish borasida Jamg'arma rolini kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiya ishlab chiqiladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Orolbo'yi mintaqasida aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan aniq natijalarga erishish uchun belgilangan vazifalarni bajarish va muhokama qilingan barcha sohalarda birgalikda ishlashni davom ettirish bo'yicha o'zaro hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdilar.