O'zbekiston va OTB hamkorlikni kengaytirmoqda
Joriy yilning 19-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev videokonferensaloqa orqali OTBning ma'murchilik va korporativ boshqaruv bo'yicha vitse – prezidenti Bryus Gosper bilan muloqot o'tkazdi.
Suhbat davomida O'zbekiston va OTB o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
OTB rahbariyati tomonidan O'zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Loyihalarning joriy portfeli infratuzilmaviy qurilish, energetika, uy-joy kommunal xo'jaligi, sog'liqni saqlash, qishloq xo'jaligi sohasidagi 3,7 milliard dollarlik 24 ta loyihadan iborat ekanligi aytildi. OTBning 2022-2024 yillarga mo'ljallangan sug'urta operatsiyalari bo'yicha biznes-rejasi doirasida 2,8 milliard dollarlik 27 ta loyihani birgalikda amalga oshirish to'g'risida kelishuvga erishildi. Bu yil 274 million dollarlik 1 ta investitsiya loyihasi bo'yicha shartnoma imzolandi hamda ipoteka bozori sektorini rivojlantirish va byudjetni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan umumiy qiymati 650 million dollarlik 2 ta loyiha bo'yicha muzokaralar yakunlandi. Mazkur loyihalar bo'yicha bitimlarni joriy yil oxirigacha imzolash bo'yicha chora-tadbirlar ko'rishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar munosabatlarning amaldagi va yangi yo'nalishlari doirasida hamkorlikni izchil davom ettirishga o'zaro sodiqlik bildirdilar.