Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Ozarbayjon: hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

Joriy yilning 20-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligida ijobiy dinamika kuzatilayotgani ta’kidlandi. Buning imkoni ikki davlat rahbarlarining ishonchli munosabatlari va doimiy muloqoti tufayli yuzaga keldi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikki davlatning I-hududlararo forumining natijadorligi va turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki bergani ta’kidlandi.

Tomonlar investitsiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga e’tibor qaratdilar. Tashkil etilayotgan O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasi bu jarayonda alohida o‘rin tutishi kutilayotgani alohida qayd etildi.

Ozarbayjonda Oʻzbekiston tajribasi asosida toʻliq ishlab chiqarish siklidagi paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ipakchilik va mashinasozlik yo‘nalishlarida ilgari kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni ko‘rib chiqildi.

Oʻzaro savdo masalalariga kelganda, uning hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirildi. Bundan tashqari, tomonlar sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, kichik va o‘rta biznes, transport, tranzit va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi va ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol hamkorlik qilish formati ishlab chiqildi.