Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Ozarbayjon ko‘p qirrali hamkorlikni kuchaytirmoqda

Joriy yilning 24-dekabr kuni Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki davlatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko'lamli kun tartibi koʻrib chiqildi.

O‘zaro savdoning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2021-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil boshidan esa yana 52 foizga oshdi. Kelgusi davrda tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish uchun imkoniyat va resurslar mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar talabga ega mahsulotlar nomenklaturasini shakllantirish va yetkazib berishni ko‘paytirish, ikkala mamlakatlarga savdo va ishbilarmonlik missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo tarmoqlarida meva va sabzavot mahsulotlarini, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklik sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston-Ozarbayjon Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma ishlarni jadallashtirish, shuningdek, umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta yirik loyihaning moliyaviy-texnikaviy jihatlarini ishlab chiqishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi. Mazkur yo‘nalishlarda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari qo‘shma korxonalarni, jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratdi.

Kun tartibida transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi ham muhim o‘rin tutdi. Ikki mamlakat hududlari orqali yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojdagi tovarlarni tashish hajmini bir necha barobar oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish maqsadida Xalqaro avtomobil transporti bo‘yicha Aralash komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy jihatlari kelishib olindi. Shu nuqtai nazardan, transport infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari ham qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Ozarbayjon-O‘zbekiston Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur jamg‘arma, ta’kidlanganidek, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.