O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 18-iyul kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raisligida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muloqotda ikki davlatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va ta’lim muassasalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Oʻz chiqishlarida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ikki davlat rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli mustahkamlanib borayotgan oʻzaro hamkorlik tez sur’atlarda, izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar.
Shu kungacha erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etishdagi muvaffaqiyatlar qayd etildi. Xususan, fevral oyida Toshkentda birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi va Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va bu ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zamin yaratdi.
Birgina 2022-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar, joriy yil boshidan buyon esa bu ko‘rsatkich 16 foizga oshdi. Jumladan, Ozarbayjonga toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish hajmi 2,6 barobar, mexanik uskunalar yetkazib berish 19,7 foiz, shisha va shisha buyumlar yetkazib berish 76 foizga oshdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlari yetarli salohiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni 4 barobar oshdi. Ikki yil ichida 40 ga yaqin korxona ishga tushdi. O‘z navbatida, Ozarbayjonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 70 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 12-yigʻilishi bayonnomasi hamda HK doirasida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi boshqa bir qator hujjatlar imzolandi.