O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Joriy yilning 25-yanvar kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Baxit Torobayev boshchiligida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumat delegatsiyalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda ishtirok etdi. Uchrashuvda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari mas’ul rahbarlari ham qatnashdi.
Diqqat markazida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibi, uni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan, barcha sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifining ahamiyati qayd etildi.
Oliy darajadagi tashrif doirasida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Unda ikki mamlakatning kimyo, to‘qimachilik, energetika, avtomobilsozlik sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarga ixtisoslashgan ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq yetakchi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Forum doirasida yalpi majlis va panel sessiyalar, shuningdek, B2B formatidagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkaziladi, ular natijasida 10 dan ortiq ikki tomonlama bitimlar va investitsiya shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklarini ishga solish orqali sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda muhim vositaga aylangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati alohida muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi 2022-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki davlat iqtisodiyotlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, ustuvor sohalardagi oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan.
Tomonlar Jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish, uning doirasida rejalashtirilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari, kimyo va toʻqimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari alohida koʻrib chiqildi. Temir yoʻl va avtomobil yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishni nazarda tutgan holda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar logistika, turizm, sport infratuzilmasini rivojlantirish kabi yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida muhokama qilingan barcha tashabbus va loyihalar bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.