Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O'zbekiston va Rossiya Federatsiyasi hududlararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev O'zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo'lib turgan Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglovni qabul qildi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Rossiya tomoni Sankt-Peterburgning ishbilarmon doiralari, korxonalari va tashkilotlarining ikki tomonlama hududlararo aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qiziqishini ta'kidladi. Bunda asosan qurilish, transport va logistika, tibbiy va farmatsevtika mahsulotlari, mebel ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida O'zbekiston mahsulotlariga mo'ljallangan ulgurji tarqatish markazlarini tashkil etish hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini o'zaro yetkazib berishni yo'lga qo'yish tashabbuslari alohida o'rin tutishi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro mehnat migratsiyasini muvofiqlashtirish va qo'llab-quvvatlash bo'yicha Sankt-Peterburg va Samarqand o'rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasini mamlakatning boshqa hududlariga yoyishni nazarda tutgan holda, mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko'rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida muhokama qilinayotgan qo'shma loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida faol hududlararo hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.