O‘zbekiston va Singapur: qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar
Joriy yilning 12-yanvar kuni Hukumat delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, CPG Corporation bosh direktori Vinsent Lo bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga Singapurning toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasini jalb etishga yoʻnaltirilgan qoʻshma investitsiya kompaniyasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Singapur O‘zbekiston uchun muhim hamkor bo‘lib, ishbilarmon doiralarning birgalikda ish olib borishga qiziqishi ortib borayotgani qo‘shma investitsiyaviy, sanoat va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekiston tomoni bu sohalarni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — dedi Laziz Kudratov.
Yig‘ilish kun tartibidan O‘zbekistonda biofarmatsevtika korxonasini tashkil etish, zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika qurish, Singapurning ilg‘or ta’lim usullaridan foydalangan holda xususiy maktablar ochish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar, mazkur loyihalarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari, aniq muddatlari va mas’ul ijrochilarni o‘z ichiga olgan Qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
“Oceanus Group” kompaniyasi bosh direktori Piter Ko bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuksak baholandi.
Oceanus Group oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, logistika xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Shu nuqtai nazardan, tomonlar O‘zbekistondan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, Singapur, Xitoy va ASEAN mintaqasi bozorlariga mahalliy oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini olib chiqishga xizmat qiladigan qo‘shma eksport kompaniyasini tashkil qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Bundan tashqari, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun Singapurning yetakchi kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xuddi shunday konstruktiv ruhda Singapurning yetakchi ta’lim muassasalaridan biri TMC Akademiyasi bosh direktori Li Chin Veng bilan ham muzokaralar olib borildi.
Tomonlar oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga e’tibor qaratdilar. Xususan, Oʻzbekistonda ikkita yangi universitet kampusini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlarida taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va axborot, moliyaviy, blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik kabi dolzarb yoʻnalishlarni qamrab oluvchi yangi taʼlim dasturlarini Oʻzbekistonda joriy qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
O‘zaro ishonch ruhida oʻtkazilgan uchrashuvlar ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish va ishlab chiqarilayotgan loyihalarni samarali tarzda amalga oshirish maqsadida ularning ayrim muhim jihatlariga e’tibor qaratish imkonini berdi.