Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va Singapur: yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar

O‘zbekiston delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida ushbu mamlakatdagi yirik tadbirkorlik subyektlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Xususan, joriy yilning 14-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Indorama Corporation direktori Prakash Kejrival bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Korxona dunyoning 22 davlatida 39 ta ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, Osiyoda ip-kalava ishlab chiqarish bo‘yicha 1-o‘rinni, polyester, sintetik gazlamalar va kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda etakchi o’rinni egallaydi.

O‘zbekistonda Singapurning Indorama Corporation tomonidan
ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, superfosfat va ammiak ishlab chiqarish zavodlari tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Singapur tomoni O‘zbekistonning jadal rivojlanishi va amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yuqori baholadi. Tizimli yondashuv tufayli Cotton Campaign koalitsiyasining boykotini bekor qilinishi hamda O‘zbekistonga Yevropaning GSP+ imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini olish mumkin bo‘lgani ta’kidlandi. Bu esa, o‘z navbatida, tayyor to‘qimachilik va kimyo mahsulotlari eksportining o‘sish dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan, kompaniya rahbariyatining hamkorlikni davom ettirishga bo‘lgan qiziqishi katta.

Uchrashuvda toʻqimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.

Meinhardt group raisi Shaxzod Nasim bilan muzokaralar chog‘ida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qo‘shma loyihalarni, shu jumladan infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Meinhardt group Singapurdagi eng yirik muhandislik va investitsiyaviy korxona hisoblanib, butun dunyo bo‘ylab 510 ta yirik infratuzilma va sanoat ob‘ektlarini qurish loyihalarida ishtirok etgan. Ishchilari soni 5 ming kishini tashkil etadi.

Singapur kompaniyasi rahbariyatiga birgalikda ishlab chiqish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalarning batafsil taqdimoti o‘tkazildi. Muhokama yakunida, tomonlar qo‘shma Loyiha-injiniring markazini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishdi. Markazning asosiy vazifasi shaharsozlik va sanoat sohalaridagi tashabbuslarda ilg’or tajribalarni joriy etish. Hususan, “Yangi Toshkent” aqlli shahrini birinchi bosqichi bosh rejasini ishlab chiqish, hamda zamonaviy kimyo va farmatsevtika sanoat korxonalarini barpo etish shular jumlasidandir. Markaz uchun malakali kadrlar Singapur korxonasi tomonidan tayyorlanadi.

Uchrashuvlar yakunida bildirilgan tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.