O‘zbekiston va Sloveniya: barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik
Joriy yilning 9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Sloveniya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sloveniya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligi va ikki tomonlama sheriklikni faollashtirishning strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, bir kun avval imzolangan O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning muhimligi hamda ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi.
Boshqa ijobiy omillar qatorida Oʻzbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqining GSP+ preferentsiyalar tizimi benefitsiar maqomidan faol foydalanilayotgani sababli 2022-yilda 40 foizga oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻsishining ijobiy dinamikasi haqida fikr almashildi. Tomonlar ushbu maqomni uzaytirish doirasida chora-tadbirlar ko‘rish va undan samarali foydalanish bo‘yicha o‘zbek eksportyorlariga zarur yordam ko‘rsatish orqali ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Doimiy ravishda qo‘shma biznes-forumlari va “O‘zbekiston va Sloveniyada ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmalarini o‘tkazish orqali investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, infratuzilma qurilishi va IT-texnologiyalari sohalari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning eng ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Sloveniya delegatsiyasi rahbari ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida charter va muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari o‘rtasida onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Sloveniya Hukumatlararo komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surishga tayorliklarini bildirdilar.