Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston va TDT ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlaydi

Joriy yilning 25-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti va TDT iqtisodiyot va savdo vazirlarining 11-yigʻilishini nazarda tutgan holda Kengash doirasidagi yirik tadbirlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tadbirlarni yuqori tashkiliy darajada va mazmunli o‘tkazish maqsadida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashkilot doirasida savdo, investitsiyaviy va moliya sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni imzolash jarayonini tezlashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

“Turkiy davlatlarning savdo hamkorligi ilmiy-tadqiqot markazi” va “Muhandislik va texnologiyalar markazi”ni tashkil etish tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha aniq tadbirlar belgilandi. TDT davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun ushbu tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar erishilgan kelishuvlar va yuqori darajada ilgari surilgan tashabbuslarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha keyingi amaliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida kelishib oldilar, shuningdek, Oʻzbekiston va Tashkilot oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdilar.