O'zbekiston va Yaponiya madaniy merosni saqlash loyihasini amalga oshirmoqda
Joriy yilning 15-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yaponiya hukumati bilan qiymati 400 ming dollarga yaqin bo'lgan "O'zbekiston Respublikasida Buyuk Ipak Yo'li madaniy merosi arxivlarini saqlash va raqamlashtirish" loyihasi bo'yicha Almashuv notasi va Grant bitimini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev o'z qutlov so'zida qadim zamonlardan buyon Yaponiya va O'zbekiston xalqlari va madaniyatlarini bog'lab kelayotgan Buyuk Ipak Yo'lining madaniy merosini asrab – avaylashning muhimligini ta'kidladi. Amalga oshirilayotgan loyiha Ipak Yo'li bo'ylab topilgan noyob madaniy boyliklarni asrab-avaylashga ko'maklashish, ularni himoya qilish ishlari samaradorligini oshirish, O'zbekiston madaniyati rivojiga katta hissa qo'shish, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorligining timsoliga aylanishga qaratilgan.
Ikki mamlakat o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatilganining 30 yilligiga bag'ishlangan ushbu loyiha doirasida O'zbekistonda yapon texnologiyalari va madaniy meros ob'ektlari va predmetlarini saqlash bo'yicha tajribasini joriy etish ko'zda tutilgan.
Xususan, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, O'zbekiston davlat tarix muzeyi va Termiz arxeologiya muzeyiga kollektsiyalar va eksponatlarni asrash uchun uskunalar, shuningdek raqamli arxivlash uchun zarur uskunalar, shu jumladan 3D skanerlar, 360 darajada suratga oladigan kameralar va boshqa jihozlar topshiriladi.