Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston – Vengriya: ko‘p qirrali hamkorlikning yangi yo‘nalishlari

Joriy yilning 3-aprel kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vengriya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadji bilan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari va kelgusidagi chora-tadbirlari muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etilib, strategik sheriklik ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida barcha darajalarda faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Ustav kapitali 50 million yevro boʻlgan Maxsus investitsiya jamgʻarmasini yaratish masalasi kelishib olindi, unda Vengriya tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi Milliy investitsiya xoldingi taʼsischi sifatida ishtirok etadi. Yangi tashkil etilgan jamg‘arma venger kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini moliyalashtiradi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Vengriya tomoni Bonapharm kompaniyasining Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini yaratish niyatini tasdiqladi. “Hagyo” va “Polus” kompaniyalari tomonidan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qizilmiyani qayta ishlash majmuasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. “Meditop Pharmaceutical” kompaniyasi bilan innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish, “Raba Automotive Holding” va “Joyson Safety Systems” bilan avtomobil butlovchi qismlarni ishlab chiqarish loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda. Tomonlar har bir loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda tashabbuskorlarni birgalikda qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi, xususan, Oʻzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini joriy yilning 22-23-may kunlari Budapesht shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qat’iy sodiqligini bildirdilar va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ikki tomonlama sheriklikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida tizimli hamkorlik qilish mexanizmini ishlab chiqdilar.