O'zbekistonda Wildberries savdo-logistika majmuasi quriladi
Joriy yilning 8-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev eng yirik xalqaro marketpleyslardan biri hisoblangan Wildberries kompaniyasi asoschilari Vladislav va Tatyana Bakalchuklarni qabul qildi. Uchrashuvda Rossiya kompaniyasi rahbariyati hamda O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida Rossiya Federatsiyasi bilan o'zaro savdodagi tovar guruhlari tarkibida sifat jihatidan katta o'zgarish ro'y bergani va bugungi kunda ularning 70% yuqori qo'shilgan qiymatga ega tovarlar ekanligi qayd etildi. O'zbekiston elektron tijorat bozorida talabning o'sishi haqida so'z bordi, uning hajmi yil oxiriga qadar 1 milliard dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Buning sabablari Internetning kengqamrovligi va yosh faol foydalanuvchilarning ko'pligi bilan bog'liq.
Tayyor o'zbek mahsulotlarini marketpleys orqali sotish uchun kompaniyaning logistika kompleksini O'zbekistonda tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Toshkent shahrida barcha tegishli xizmatlarni ko'rsatuvchi Wildberries logistika majmuasini, shuningdek, tovarlarni ro'yxatga olish tartibini soddalashtirish uchun bojxona va sertifikatlashtirish organlarining "yagona oyna" xizmatlariga ega saralash markazini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Loyihaning umumiy qiymati 130 million dollarni tashkil etadi. Loyiha ishga tushishi bilan 5000 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Shu nuqtai nazardan, marketpleys orqali sotishga chiqarish uchun birinchi bosqichda o'zbek ishlab chiqaruvchilari tomonidan 900 million dollardan ortiq to'qimachilik mahsulotlari, 121,5 million dollarlik charm mahsulotlari, 172,2 million dollarlik maishiy elektrotexnika buyumlari hamda 382,5 million dollarlik qurilish materiallari yetkazib berishga tayyorlik bildirildi.
Loyihani amalga oshirish doirasida kompaniya o'zbekistonlik tadbirkorlarni sotuvchilar sifatida ro'yxatdan o'tkazish imkoniyatini yaratadi, elektron platformada ishlash va o'z tovarlari sotish ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida o'zbek va rus tillarida o'zbek ishlab chiqaruvchilari uchun onlayn seminarlar o'tkazadi, shuningdek, yangi o'zbek brendlarini yaratish fabrikasini ishga tushiradi. Unda marketing tadqiqotlari, bozor tahlillari o'tkaziladi va tegishli brendlar ishlab chiqiladi.
Ma'lumot uchun: Wildberries kompaniyasi 2004 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda universal formatdagi eng yirik onlayn gipermarketdir. Marketpleys orqali kiyim-kechak, poyabzal, elektronika, bolalar va uy-ro'zg'or buyumlarining jahonda eng mashhur brendlari mahsulotlari sotiladi.