Turizm va chakana savdoni rivojlantirish istiqbollari Toshkent xalqaro investitsiya forumining mavzularidan biriga aylandi
2023-yil 27-aprel kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Turizm va chakana savdo: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Turizm va chakana savdoning rivojlanishi iqtisodiy va ijtimoiy an’analar bilan chambarchas bog‘liq. Turizm va chakana savdo bugungi kunda iqtisodiyotning tobora muhim tarmoqlariga aylanib, ish o‘rinlari yaratish, daromadlarni oshirish va investitsiyalarni jalb etishga katta hissa qo‘shmoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, “Tashkent City Mall” savdo markazi direktori Gabriele Bertini, Accor Group bosh amaliy direktori Aleksis Delaroff, ISR Holding bosh direktori Rauf Xalilov, ZARA, Cenomi Retail biznes bo'limi direktori Hassan Slim spikerlar sifatida chiqish qilishdi.
Tadbirda ta'kidlanganidek, yer yuzining o‘rtacha har o‘ninchi aholisi turizm sohasida ishlamoqda. Shu bois pandemiya davri butun dunyoga ushbu sohaning jahon iqtisodiyoti uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatib berdi. Hozirgi vaqtda shopping-turizm tobora turizm zanjirining qiymat yarata oladigan muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda.
Mehmonxona va restoran biznesi mehmondo‘stlikning asosiy tarkibiy qismi va turizm infratuzilmasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Turizmni rivojlantirish yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik va investitsion faollikni rivojlantirishni rag‘batlantirmoqda.
– Turizm iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari bilan chambarchas bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov. – Iqtisodiyotning 70 ga yaqin kichik tarmoqlari turizm bilan bog‘liq, shuning uchun biz hozirda mintaqani yanada jozibador qilish va turizmni chakana savdo bilan bog‘lash maqsadida sayyohlar oqimini ko‘paytirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Ayni paytda biz boshqa davlatlar, masalan, Dubay tajribasini o‘rganyapmiz. Bundan tashqari, investorlarga O‘zbekiston bozoriga kirishda qulaylik yaratish maqsadida eksportyorlarning elektron reyestri yaratildi, shuningdek, savdo markazlarida ijaraga berish tartibi soddalashtirildi.
ISR Holding bosh direktori Rauf Xalilov shunday dedi:
– O‘zbekistonning investorlar uchun salohiyati juda katta. O‘zbekistonda qanday qulay sharoitlar yaratilgani, jumladan, soliqqa tortish, tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan tanishdik. Talab bor, ajoyib madaniyat, ajoyib oshxona, mentalitet – bularning barchasi investorlar uchun bu yerga kelib, investitsiya kiritish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi. Barcha zarur omillar mavjud va hozir biz O‘zbekiston bozoriga kirish masalasini jiddiy ko‘rib chiqyapmiz.
Iqtisodiyotning rivojlanishi va aholi daromadlari darajasining oshishi bilan ko'proq odamlar sayohat qilishni va chakana xizmatlardan foydalanishni boshladilar. Bu yangi turizm va chakana xizmatlarga talabning oshishiga, shuningdek, infratuzilma va turizm biznesining rivojlanishiga olib keldi. Jumladan, bu ichki turizmning ham o'sishiga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonda bugungi kunda sayyohlar soni pandemiyadan oldingiga qaraganda ko‘proq.
Tashkent City Mall savdo markazi direktori Gabriele Bertini o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi:
– Biz Toshkent shahrida turizm konsepsiyasini ishlab chiqishni yakunlash niyatidamiz. Bular A sinfidagi biznes markazlar, hashamatli mehmonxonalar va rezidensiyalar, Toshkent va butun Osiyodagi yirik savdo markazlari. Biz iste'molchilar uchun yangi tajriba yaratmoqchimiz va mehmonxonalar sektorini kengaytirmoqchimiz. O‘zbekiston – ulkan sayyohlik salohiyatiga ega davlat.
Forum translyatsiyasini Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Youtube’dagi kanali hamda vazirlikning Facebook va Instagram’dagi ijtimoiy tarmoqlarida tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.