Ochiq muloqotga tayyorgarlik: Andijon viloyati tadbirkorlari bilan uchrashuv
Joriy yilning avgust oyida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqoti kutilmoqda. Tadbirga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Andijon viloyati Paxtaobod tumani hokimligida investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Xamidov, idoralar va Andijon viloyati mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Muloqotda viloyatning Bo‘ston, Baliqchi, Oltinko‘l, Paxtaobod, Izboskan va Jalaquduq tumanlaridagi 100 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi. Ular tomonidan kredit va subsidiyalar, yer uchastkalari, bo‘sh turgan bino va inshootlar ajratish, soliqqa tortish, huquqni qo‘llash amaliyoti va boshqa mavzular ko‘tarildi.
Har bir murojaat joylardagi rahbarlar bilan birgalikda chuqur tahlil qilindi. Aksariyati bo‘yicha joyida samarali yechimlar ishlab chiqildi, ayrimlari tadbirkorlar murojaatlarini jamlash va tahlil qilish bo‘yicha Respublika shtabiga yuborildi. Belgilangan vazifalar ijrosini qisqa muddatlarda amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga manzilli topshiriqlar berildi.
Muloqot yakunida mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga viloyatdagi tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, zarur yordam choralarini kuchaytirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.