Ochiq muloqotga tayyorgarlik: Qoraqalpog‘istonning Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari tadbirkorlari bilan uchrashuv
Davlatimiz Rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimligi binosida investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Xurram Teshabayev va Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari biznes hamjamiyati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda 80 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ishonchli ruhda kechgan muloqot chog‘ida tadbirkorlar ularni xavotirga solayotgan bir qator masalalarni bildirdilar va mintaqada ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Jami 100 ga yaqin muammo va takliflar bildirildi. Ular, asosan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar olish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy jihatlar va boshqa dolzarb mavzularni qamrab oldi. Har bir murojaat atroflicha tahlil qilindi va ularni samarali hal etish algoritmlari ishlab chiqildi.
Ishbilarmonlar bilan ishlash natijadorligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirishni tizimli qo‘llab-quvvatlash va hududning eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Tizimli xususiyatga ega masala va takliflar tadbirkorlar murojaatlarini jamlash va tahlil qilish bo‘yicha maxsus tashkil etilgan hududiy shtabga yuborildi. Tizim vertikal tarzda tuzilgan: har bir murojaat ko‘rib chiqilib, tahlil o‘tkazish, tezkor hal etish va shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida Respublika shtabiga yuboriladi.