ITSVning vakolatxonalari O‘zbekistonga yangi investorlarni jalb qilmoqda
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining turli hamkor davlatlardagi vakolatxonalari Oʻzbekiston iqtisodiyotining tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida vazirlik va idoralar, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari oʻrtasida muzokaralar tashkil etish orqali tizimli ish olib bormoqdalar.
Jumladan, vazirlikning Birlashgan Arab Amirliklaridagi vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Bright Capital Investment” MChJ (BAA) investitsiya kompaniyasi vakillari oʻrtasida muzokaralar tashkil etildi. Unda mamlakatimizda ta’lim va turizm sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kompaniya imkoniyatlarini jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, suvni tozalash sohasida qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarni jalb qilish maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ va ADSSC (BAA) rahbariyati o‘rtasida ham muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda BAA kompaniyalari vakillariga O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar yakunida joriy yilning noyabr oyida BAA kompaniyalari rahbarlarining loyihalar bilan joylarda batafsil tanishish va ularni amalga oshirishning texnik va moliyaviy jihatlarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.