Orolbo‘y mintaqasida barqaror rivojlanish dasturlari diqqat markazida
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Sarvar Xamidov bilan BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal hamda BMTning Yevropa va Markaziy Osiyo uchun taraqqiyot masalalari boʻyicha Mintaqaviy muvofiqlashtirish byurosi direktori Gvi Yop Son boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tomonlar Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha Koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni va mintaqada ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha kelgusida birgalikda amalga oshiriladigan sa’y-harakatlarni muhokama qildilar.
Orolbo‘yida barqaror rivojlanishni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etishning dolzarbligi, mamlakat va xalqaro darajada birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish borasida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Shuningdek, Jamg‘arma tashabbuslari samaradorligini yuksaltirish hamda barqaror rivojlanish loyihalarini amalga oshirishga aholini kengroq jalb qilish va resurslarni safarbar etishga ko‘maklashish strategiyalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlarning Orolboʻyi mintaqasida ekologik muammolarni hal qilish va yanada barqaror kelajakni qurishga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida birgalikda chora-tadbirlar koʻrishga tayyorligi bildirildi.
Ma’lumot uchun: 2020-yil sentabr oyida BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi BMT Yangi avlod barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlikning Hadli dasturini (2021-2025) ishlab chiqishni yakunladi. Hujjat O‘zbekiston hukumati tomonidan ma’qullandi va imzolandi. Hamkorlikning Hadli dasturi BMTning O‘zbekistonda barqaror rivojlanish sohasidagi faoliyatini rejalashtirish va amalga oshirishning asosiy vositasi hisoblanadi. Uning uchta strategik maqsadi bor: samarali boshqaruv va barcha uchun odil sudlov; salomatlik, farovonlik va barqarorlikka qaratilgan inson kapitalini inklyuziv rivojlantirish; barqaror rivojlanish va iqlimni saqlashga mas’uliyat bilan yondashishga erishish.