Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Yevropa parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yevroparlament a’zolari bilan O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazildi.

– Yevropa Parlamenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni diversifikatsiyalangan bozor modeliga transformatsiyalashga qaratilgan tarkibiy islohotlar olib borilayotganligini ijobiy baholaydi, – dedi Yevroparlament deputati T.Mariani.

Muzokaralar chog‘ida 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan yangi muddatga mamlakatimiz uchun GSP+ tizimining benefisiar maqomini uzaytirish choralari ko‘rib chiqildi. YeI delegatsiyasi O‘zbekiston zarur konvensiyalarni ratifikatsiya qilgani va ushbu tizimning benefitsiarlari maqomini uzaytirish uchun barcha asoslarga ega ekanligini ta’kidladi.

Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish jarayonini muhokama qildilar. Yevroparlament vakillari Yevropa Ittifoqi rahbariyatining bu jarayonda yaqin hamkorlik qilish hamda konsalting va texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi yuzasidan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani hamda parafinlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hujjat ichki tartib-qoidalar, shu jumladan huquqiy ekspertiza va tomonlarning davlat tillariga tarjima qilinganidan keyin imzolanadi.

Ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish va tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo va investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi quyi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning iyun oyida Bryussel shahrida tashkil etish, shuningdek, iqtisodiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirish boʻyicha mutaxassislar darajasida doimiy maslahatlashuvlar oʻtkazish amaliyotini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida yakdil fikrga kelindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha umumiy yondashuvlar kelishib olindi va muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish doirasida navbatdagi qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqildi.