Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

ISSV ishchi guruhi Toshkent viloyatidagi qishloq xoʻjaligi texnikasi klasteriga tashrif buyurdi

Joriy yilning 6-iyul kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterida tashrif buyurdi va u erda tashkil etilgan ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rganib, korxonalarni rivojlantirish istiqbollari bilan tanishib chiqdi.

Ma’lumot uchun: klaster “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ negizida tashkil etilgan va “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Texnolog-stan” MChJ va “Agroprommashinvest” MChJ ishlab chiqarish quvvatlarini qisman o‘tkazish hisobiga rivojlantirilgan. Shu tariqa, joriy yilning yanvar oyida 15,5 gektar maydonda umumiy qiymati 65 million dollarlik “Toshkent traktor zavodi” MChJ klasteri bo‘yicha yagona loyiha ishga tushirildi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikasi, ishlab chiqarilgan mahsulotning umumiy qiymati esa - 165 million dollarni tashkil etadi. Yiliga 16,5 million dollar sof daromadga erishish kutilmoqda.

Tashrif davomida klaster rahbariyati bugungi kunga qadar erishilgan natijalar haqida hisobot berdi. Jumladan, ayni paytda korxonadagi 10 ta ishlab chiqarish sexida 1,5 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Zavod o‘zining 27 dilerlik shoxobchasi, 72 ehtiyot qismlar do‘koni, 24 texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 110 yengil avtomobil va 13 yuk avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ega.

Maʼlum qilinishicha, korxonada yirik oʻlchamli qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari: John Deere (AQSh), CLAAS (Germaniya), ZOOMLION va DONG FENG (XXR) butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Ayni paytda korxonada asbob-uskunalar va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi 50 foizni tashkil etmoqda.

Korxona o‘z mahsulotlarini qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjonga eksportga yetkazib beradi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida Qozogʻiston va Ozarbayjon respublikalarida qishloq xoʻjaligi texnikasining yirik uzelli yigʻishni tashkil qilish rejalashtirilgan. Bu borada hamkorlar bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yetdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha mas’ul rahbarlarga ishlab chiqarish hajmlari, eksportga yetkazib berish bo‘yicha belgilangan reja topshiriqlarini so‘zsiz bajarish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini yanada oshirish maqsadida korxonani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ko‘rish vazifasi topshirildi.