ISSV ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish jarayonini o‘rgandi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Xamidov boshchiligidagi vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro moliya institutlari va grantlar hisobidan qurilayotgan loyihalarni amalga oshirishning bugungi holatini o‘rgandi.
Safar davomida guruh Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 274,2 mln bo‘lgan “A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 km (240 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi. Loyiha doirasida Qo‘ng‘irot tumanida 240 km uzunlikdagi 2 tasmali sement-beton qoplamali yo‘l quriladi. Ayni paytda 190 kilometr yo‘l poyi, 155 kilometr shag‘al-qum aralashmasi, 75 kilometr sement-beton qoplama yotqizildi. O‘rganishlar davomida qurilish materiallari yetkazib berish uchun vagon va teplovozlar ajratishda muammolar borligi aniqlandi. Ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Hududda “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasi ham amalga oshirilmoqda. OTB tomonidan 145 million dollar miqdorida kredit ajratildi. 1280 km suv tarmog‘i, sutkalik quvvati 300 ming kubometrga teng 3 ta suv tozalash inshooti, 24 ta suv taqsimlash inshooti va 45 ta suv ombori qurilib, 320 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Amudaryo, Moʻynoq, Nukus, Beruniy, Qoraoʻzak va Qoʻngʻirot tumanlaridagi 84 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga imkon beradi.
Yo‘nalish bo‘yicha navbatdagi manzil – “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi. Uning doirasida Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqalla tumanlaridagi 100 ming gektar sug‘oriladigan yerlarda suv resurslarini boshqarish yaxshilanadi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining 214,8 million dollar miqdoridagi krediti ajratildi. Rejalashtirilgan 20 ta qurilish ishlari paketidan 9 tasi bajarildi, 11 tasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, To‘rtko‘l tumanidagi “Bo‘ston kanalini (Sharqiy qismi) qayta tiklash” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘rganilib, SCADA tizimini joriy etishni jadallashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh a’zolari “Shayx Xalifa nomidagi “Onalar va bolalar” shifoxonasini tashkil etish” loyihasi qurilish maydonchasida ham bo‘ldi. Loyihani amalga oshirish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan grant mablagʻlarining umumiy miqdori 27 million dollarni tashkil etadi.
O‘rganish davomida loyiha tashabbuskorlari va pudratchilar bilan suhbatlar o‘tkazildi, ular qurilish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar bilan o‘rtoqlashdilar. Joylardagi masʼul rahbarlarga yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, loyihalarni oʻz vaqtida foydalanishga topshirish maqsadida idoralararo tizimli hamkorlikni yanada faollashtirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.