ISSV ishchi guruhlari mamlakat hududlarida o‘rganish ishlarini olib bormoqda
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ishchi guruhlari tomonidan respublika hududlari va tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va sanoat salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha vazifalarning bajarilishi tizimli ravishda o‘rganib borilmoqda.
Shu tariqa, vazir o‘rinbosari Olimxon Rustamov boshchiligidagi ishchi guruh “O‘zavtomotors” AJ korxonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari bilan atroflicha tanishdi. Ayni paytda “O‘zavtomotors” AJ tomonidan 309 korxona bilan hamkorlikda yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Bitta avtomobilni to‘liq yig‘ish jarayoni 14 dan 18 soatgacha davom etadi. Shuningdek, bitta avtomashinani yig‘ish uchun 7700 dan ortiq butlovchi qismlar ishlatiladi, ularning 50 foizdan ko‘prog‘i mahalliylashtirilgan va Andijon viloyatidagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilmoqda.
Xususan, “Uz Tong Hong Co”, “Uz Sam Yung Co”, “Uz Dong Yang Co”, “Uz Dong Won Co”, “Uz Avto Austem”, shuningdek, “Авто Климат Контроль” MChJ, “Автокомпонент” MChJ, “Мульти Бизнес Компания” MChJ qoʻshma korxonalari oʻrindiqlar, yonilg‘i baklari, salon interyeri uchun plastik qismlar, glushitellar, isitish va sovutish tizimining butlovchi qismlari, metall disklar, germetik va lak-bo‘yoq mahsulotlari, elektr o‘tkazgich simlari va avtomobillar yig‘ishda ishlatiladigan boshqa komponentlar ishlab chiqaradi. Yirik korxonalar, o‘z navbatida, boshqa hududlardagi kichik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq turdagi shtamp qolipli va plastmassadan ishlangan qismlarni sotib oladilar.
“Oʻzavtomotors” AJ masʼul rahbarlari yangi TRACKER-2 va Onix avtomobillarini ishlab chiqarishni koʻpaytirish rejalari haqida maʼlum qilishdi. Buning natijasida buyurtmalar koʻpayishi va shunga mos ravishda tegishli butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Ishchi guruh, o‘z navbatida, mahalliylashtirilgan butlovchi qismlar nomenklaturasini kengaytirish doirasida olib borilayotgan ishlarni faollashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
O‘zbekiston hududlaridagi sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish davom etmoqda.