Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Koreyaning Posco Group bilan hamkorlik kengaymoqda

Joriy yilning 14-mart kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Posco Group raisining o‘rinbosari Tak Zhong bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Posco Group Koreyaning metallurgiya, energetika, kimyo va to‘qimachilik sanoati sohalarida ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan konglomerat hisoblanadi. Korporatsiyaning yillik aylanmasi 69 milliard dollarni tashkil qiladi.

1996-yildan buyon O‘zbekistonda yengil sanoatdagi “Posco Group” kompaniyalaridan biri “Posco International Textile” faoliyat yuritib, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida 3 ta yigiruv va 2 ta trikotaj fabrikalarini boshqaradi.

Muzokaralar chog‘ida Farg‘ona viloyatidagi to‘qimachilik klasteri faoliyatini kengaytirish, xususan, yangi paxta tozalash zavodini qurish, shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Koreya tomoni Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi klasterlar yaratish orqali O‘zbekistondagi investitsiya portfelining hajmini oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida ikki tomonlama muntazam uchrashuvlar amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.