Siemens Energy bilan yangi qo'shma tashabbuslar ishlab chiqilmoqda
Joriy yilning 31-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Sarvar Xamidov Siemens Energy kompaniyasining Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Ariel Porat bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, umumiy qiymati 3,4 milliard yevro bo‘lgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Ular qatorida Surxondaryo viloyatida bug‘-gaz elektr stansiyasini, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida fotoelektr va issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalari ham bor.
Bundan tashqari, uchrashuvda raqamlashtirish, metallurgiya, elektrotexnika, vodorod energetikasi, neft-gaz sanoatini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Muzokaralar yakunlariga koʻra, aniq investitsiya loyihalari, ularni amalga oshirish boʻyicha bosqichma-bosqich mexanizmlari va muddatlarini oʻz ichiga olgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashga kelishildi.