Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Samarqand Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish dinamikasini belgilab bermoqda

Joriy yilning 9-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyot va savdo vazirlarining ko'p tomonlama munosabatlar doirasidagi keng ko‘lamli yo‘nalishlarning bugungi holatini muhokama qilish va savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va logistika sohasidagi o'zaro hamkorlikni jadallashtirish bo'yicha navbatdagi tadbirlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarining iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishning eng samarali yoʻllarini aniqlash, jumladan, savdo, sarmoya, transport sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish va ko‘p tomonlama munosabatlarning boshqa mexanizmlarini qo‘llashga doir fikr mulohazalar almashildi.

Investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yirik qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘ladigan Turkiy davlatlar tashkilotining Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni imzolashni tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, ko'p tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish bo'yicha keyingi qadamlarni, ya'ni Tashkilot doirasida o'zaro savdoni oshirish bo'yicha umumiy kompleks yondashuvlarni amalga oshirishni ko'rib chiqdilar. Bo‘lajak birinchi Sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan “Savdoga ko‘maklashish strategiyasi”ni amalga oshirish bo‘yicha eng faol chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorlik bildirildi.

Muloqot chog‘ida ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar ushbu yoʻnalishning ustuvorligini hisobga olgan holda transport yoʻlaklari, bojxona va chegara oʻtkazish punktlari va logistika markazlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha aʼzo davlatlar va Tashkilot kuzatuvchilarining yagona yondashuvi boʻyicha kelishuvlarga erishdilar. TDT doirasida transport-logistika jihatidan oʻzaro bogʻliqligini yanada kengaytirish va rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Alohida tartibda iqtisodiyotga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshma rejalar koʻrib chiqildi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarni rivojlantirishda raqamlashtirish va elektron hukumat tizimini joriy etish darajasini o‘rganish va baholash bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishning asosiy mezonlari va bosqichlar  belgilab olindi.

Vazirlar suhbatining bir qismi Tashkilot doirasidagi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiyani muhokama qilishga bag‘ishlandi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va xavfsizlik sohalarini rivojlantirishni qamrab oluvchi dasturiy hujjat ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro sodiqlik bildirdilar.