Samarqandda TIFA Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2023-yilning 17-mart kuni Samarqand shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili idorasi (USTR) va Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) Departamenti ko‘magida tashkil qilingan AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha Hadli bitim (TIFA) Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Pokistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyalari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov o‘z qutlov so‘zida O‘zbekistonda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashish, investorlar huquqlarini va xususiy mulkni himoya qilish, korruptsiyaga qarshi kurash va erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ortga qaytmas xususiyatga egaligi va samaradorligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport va boshqa sohalarda hamkorlik qilish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Shu nuqtai nazardan, ishga solinmagan resurs va imkoniyatlardan foydalangan holda birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining elektron tijorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini birxillashtirish va yagona mustaqil arbitraj tizimini yaratish, yagona toʻlov tizimiga ega boʻlgan tovar va xizmatlar yetkazib beruvchilar uchun mintaqaviy platformani yaratish, xavflarni prognozlash va boshqarish maqsadida Data-centrlar hamda eksport va import qiluvchilarning bazalarini yaratish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini taʼminlash taklif etildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatlashning elektron tizimlarini, CLDP tavsiyalariga asoslangan bojxona qoida va tartibotlarini joriy etish, fitosanitariya talablarini uyg‘unlashtirish, ilg‘or tajriba almashish, mintaqada xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ham bildirildi.
Oʻz navbatida, AQSh Savdo vakilining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha oʻrinbosari Brendan Linch Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning dinamikasini, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bir-birini toʻldirish tamoyillari asosida sezilarli darajada yaxshilanganini yuqori baholadi va AQShning mintaqa mamlakatlari bilan iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo, sarmoyaviy va maslahat yordamini ko‘rsatishda davom etishga sodiqligini taʼkidladi.
Yig‘ilish chogʻida delegatsiyalar rahbarlarining chiqishlari boʻlib otdi, raqamli savdo, sanitariya/fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqlari, bojxona masalalari, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ishchi guruhlarning tavsiyalari muhokama qilindi, shuningdek, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha ishtirokchilarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha umumiy qarashlari, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari oʻz ifodasini topgan qoʻshma bayonot qabul qilindi.