Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

SAPning ACWA Power kompaniyasi O‘zbekiston bilan sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga tayyor

Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Suhbatda kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalar portfelini amalga oshirishning dolzarb masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

ACWA Power kompaniyasining o‘lkamizning energetika sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ko‘p bo‘lgan 5 ta loyihadan iborat. Kompaniyaning muvaffaqiyatlari O‘zbekistonni qulay sarmoyaviy muhitga ega mamlakat va Markaziy Osiyo mintaqasida qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha yetakchi markaz sifatida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Loyihalarni rejadan oldin ishga tushirish maqsadida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar kompleksini ko‘rishga kelishildi.

Birgalikda hayotga joriy etilishi rejalashtirilgan bir qator yangi loyihalar ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda, tomonlar Samarqand viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 200 MVtli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihalari bo‘yicha tegishli loyihaoldi jarayonlar nihoyasiga etgani va yangi shartnomalar tuzilganini olqishladi.

Alohida tartibda O‘zbekistonda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, kimyo sanoati, bank, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi investitsiyaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida manzilli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib oldilar.