Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonda investitsiyaviy faoliyatini kengaytirmoqda

Joriy yilning 4-mart kuni Toshkent shahrida Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish ishlarini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi, quradi, ishga tushiradi, 25 yil davomida foydalanadi va boshqaradi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va ACWA Power kompaniyasi oʻrtasida Samarqand viloyatida quvvati 1000 MVt, Toshkent viloyatida quvvati 400 MVtli quyosh elektr stansiyalarini hamda 1200 MVt quvvatga ega avtonom elektr tokini jamlovchi batareyasini qurish boʻyicha Investitsiyaviy bitimlari imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov o‘zining tabrik so‘zida barcha yig‘ilganlarni O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning ijobiy dinamikasini aks ettiruvchi keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Loyihalarni hayotga joriy qilish natijasida erishiladigan qator iqtisodiy yutuqlar tilga olindi. Jumladan, qurilish vaqtida 3000 dan ortiq va stansiyalardan foydalanish jarayonida 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, yiliga 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 1 mlrd kub metr miqdorida tabiiy gaz tejaladi.

Ma’lumot uchun: ACWA Power kompaniyasi elektr stansiyalari, shuningdek, suvni chuchuklashtirish zavodlarini loyihalash, qurish, moliyalashtirish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan. Xodimlar soni taxminan 3500 kishidan iborat. Kompaniya Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 12 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritib keladi. ACWA Power portfeliga 38,7 GVt dan ortiq ishlab chiqarish quvvatiga ega obyektlar kiradi.