Singapur O‘zbekiston bilan hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirmoqda
Joriy yilning 24-may kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapur Respublikasi Mehnat resurslari vaziri, savdo va sanoat ikkinchi vaziri Tan Si Leng bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida asosiy e’tibor ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratildi.
Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Singapur tomoni o‘zaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorligini ta’kidladi.
Joriy yilning sentabr oyida Singapurda “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasini o‘tkazish masalasi kelishib olindi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi salohiyatini ochib berish, qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, o‘zaro munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari, jumladan, taʼlim sohasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyatlari va Singapur tajribasi asosida Oʻzbekistonda “Aqqli shahar” qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.