Sirdaryo viloyatida investisiya va tashqi savdo sohasi mutaxassislari malaka oshirdi
Joriy yilning 13-15-dekabr kunlari Guliston shahrida Sirdaryo viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining shahar va tuman bo‘limlari xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.
Trening davomida xodimlar investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tanishib, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash, “iqtisodiy o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar shakllantirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalar oldi.
Kurs doirasida viloyatda eksport salohiyatini oshirish, eksportbop mahsulotlarning xorijiy standartlar va sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga mos kelishini ta’minlash, xorijiy investorlarni Sirdaryo viloyatining iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, imtiyoz va preferensiyalari haqida keng xabardor qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Kurs yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar.