BAAning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston ishchi guruhining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BAAning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, vazir va ENOC kompaniyalar guruhi bosh ijrochi direktori Humaid al-Falasi o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. Qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan ushbu muzokaralarda mamlakatimizning manfaatdor vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.
IFFCO Group kompaniyasi direktori Shiraz Allana bilan uchrashuvda qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, qishloq xoʻjaligi va kimyo sanoati sohalarida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi.
BAA tomoni pomidor yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq siklini nazarda tutgan holda, O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, IFFCO Groupning shaxsiy gigiena va sintetik yuvish vositalari segmentidagi tajribasini hisobga olgan holda, Chirchiq shahridagi kimyo sanoat parki negizida ushbu mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani birgalikda ishlab chiqish masalasi kelishib olindi.
Shu kuni Masdar kompaniyasi bosh direktori Mohammed Jamil al-Ramaxi bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Unda yashil energiyani rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ishonchga asoslangan sheriklik munosabatlariga tayangan holda o‘zaro hamkorlikdagi muvaffaqiyatlarni yuqori sur’atlarda rivojlantirishga kelishib oldilar.
Uchrashuvlarning ishchanlik muhiti ishtirokchilarga mamlakatlarimiz uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan ko‘plab sohalardagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.