Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 28-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda JSTga kirish jarayonining hozirgi holati va O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishini tashkil etishga tayyorgarlik ko’rish muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, joriy hafta boshida rejalashtirilgan muzokaralarni tashkil etish uchun barcha zarur hujjatlar JSTga a’zo mamlakatlarga topshirilgan. Bundan tashqari, avval erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar va Tashkilot Kotibiyati bilan maslahatlashuvlar doimiy asosda davom etmoqda.

Yig‘ilishda joriy yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘lish doirasidagi asosiy vazifalar belgilab olindi. Taʼkidlanganidek, hozirgi bosqichda JSTga aʼzo boʻlish shartlarini muhokama qilishni faollashtirish zarur.

Idoralararo komissiya aʼzolariga Ishchi guruhning 6-yigʻilishiga oʻz vaqtida va sifatli tayyorgarlik koʻrish, barcha vazifalar ijrosini yuqori professional darajada taʼminlash va tayyorlanayotgan hujjatlar sifatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar doirasida JSTga aʼzo mamlakatlarning soʻrovlariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasidagi dastlabki majburiyatlarini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ilgari surish va Tashkilotga a’zolikni jadallashtirish maqsadida yaqin kelajakda JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga qaror qilindi.