Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

To'qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog'i ishlab chiqaruvchilari bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi

Joriy yilning 26-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Bosh vazir o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida mamlakat to'qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi.

Maʼlumot uchun: 2017 – 2022 yillar davomida tarmoqda qiymati 2,9 mlrd dollarlik 340 ta loyiha ishga tushirilib, paxta tolasini to‘liq qayta ishlash quvvatlari yaratildi va natijada ishlab chiqarish hajmlari 64 trln so‘mga yetkazilib, 5 barobarga o‘sdi, eksport ko‘rsatkichlari 4 barobarga oshib 2,9 mlrd dollarga yetkazildi, eksport geografiyasi 66 ta davlatni tashkil etdi hamda tarmoqdagi jami ish o‘rinlari 124 mingtadan 378 mingtaga o‘sdi.

Yuzdan ortiq korxona vakillari ishtirok etgan yig'ilishda to'qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog'ining yanada rivojlanishiga to'sqinlik qiluvchi tizimli muammolar hamda tadbirkorlar o'z faoliyatida duch keladigan masalalar batafsil muhokama qilindi.

Xususan, xom ashyo etkazib berish, eksport hajmini oshirish, ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni joriy etish bilan bog'liq muammolar o'rtaga tashlandi hamda ularni bartaraf etish bo'yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqildi.

Mas'ul rahbarlarga tadbirkorlarning muammolarini hal etishda har tomonlama ko'maklashish va sohadagi vaziyatni tizimli ravishda yaxshilashga qaratilgan markazlashgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Muloqot yakunida savol-javob sessiyasi bo'lib o'tdi, uning davomida tadbirkorlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil ma'lumot oldilar.