O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi arafasida Singapurda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Singapur savdo va sanoat vaziri Gan Kim Yong, Singapur biznes federatsiyasi raisi Lim Ming Yan, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi korporatsiya, xolding va kompaniyalarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Laziz Kudratov qutlov so‘zida O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochib berishi kutilayotgan oliy darajadagi tashrif muhimligini ta’kidladi.
– “Biz bo‘lib o‘tadigan tadbirning barcha imkoniyatlaridan unumli foydalanib, uning kun tartibini aniq kelishuvlar bilan boyitishga bel bog‘laganmiz”, – deydi Laziz Kudratov.
Forum davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan investitsiya jozibadorligini oshirish, investorlar himoyasini kuchaytirish va tashqi savdoni liberallashtirishga qaratilgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi. Qabul qilingan dasturlar natijadorligi tufayli xorijiy hamkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib, ishonchi mustahkamlanayotgani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar e’tibori ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, amalga oshirilayotganligiga, savdo-sanoat kooperatsiyasi rivojlanayotganligiga, umuman olganda, tadbirkorlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishning ijobiy dinamikasiga qaratildi.
Keyingi yillarda Singapurning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining hajmi 700 million dollardan oshdi, Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi esa 2 barobar oshdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishning eng istiqbolli choralari sifatida mintaqalararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish, mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmalaridan faol foydalanish yo‘nalishlari belgilandi.
O‘z navbatida, Singapur tomoni O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli sohalarda sheriklikni mustahkamlash va kengaytirishda davom etish niyati qat'iy ekanini tasdiqladi. Kimyo, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi sanoati, taʼlim, sogʻliqni saqlash, logistika, shuningdek, IT-sektori oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor sohalari sifatida belgilandi.
Forum dasturi Singapurning yirik biznes vakillari ishtirokidagi yalpi majlis bilan davom etdi. Unda Indorama Group direktori Prakash Kejrival, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti prezidenti Erik Kuan va PSA International bosh direktori Van Chi Fo ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan O‘zbekistonda samarali biznes yuritishning amaliy jihatlari, transport va logistika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Tadbir dasturi doirasida B2B muzokaralari hamda mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida va O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha savdo, investitsiyalar va moliya yo‘nalishlarida, kimyo, energetika va to‘qimachilik sanoati, sanoat zonalarini rivojlantirish, infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, qurilish, ta'lim, sog'liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 23 ta shartnoma va bitimlar imzolandi.