Standard Chartered Bank O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
Joriy yilning 2-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Sarvar Hamidov bilan Standard Chartered Bank (Buyuk Britaniya) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Bankning O‘zbekistondagi joriy faoliyati va mamlakatimiz iqtisodiyotining metallurgiya, energetika va infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirishga uning investitsiyalarini jalb qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, “Standard Chartered Bank”ning O‘zbekiston bozorida eksportni moliyalashtirish bo‘yicha mahsulotlarini ilgari surish va milliy kapital bozorini rivojlantirishdagi ishtirokining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar amaliy kelishuvlarga erishish maqsadida belgilangan o‘zaro hamkorlik formati doirasida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun: Standard Chartered Bank 1969 yilda Londonda tashkil etilgan. Asosiy faoliyatini Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlarida olib boradi. 2020-yil oxirida uning moliyaviy aktivlari 789,1 milliard dollarni tashkil qilgan edi.