Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkent shahrida UzCharmExpo-2022 13-Xalqaro ko'rgazma - yarmarka o'z faoliyatini boshladi

Joriy yilning 12-oktabr kuni "O'zekspomarkaz" milliy ko'rgazma markazida O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko'magida "O'zcharmsanoat" uyushmasi tomonidan tashkil etilgan UzCharmExpo-2022 poyabzal va charm-galanteriyasi, mo'yna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ko'rgazmasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

O'z qutlov so'zida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o'rinbosari Badriddin Abidov sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatini, shuningdek, mamlakatda investorlarning qulay ish yuritishlari, ishlab chiqarish faoliyatini qo'llab-quvvatlash va mahsulotlarni OTOM, MDH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa bozorlarga eksport qilish uchun yaratilgan sharoitlarni qayd etdi. Bu yilgi ko'rgazma ishtirokchilarining ko'pligini, tadbirlarga biznes dasturi, qiziqarli taqdimotlar hamda B2B va G2B muzokaralari, investitsiyalarni jalb qilish va eksport salohiyatini oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ta'kidlab, qatnashchilarni faol ishtirok etishga va o'zaro manfaatli shartnomalar va bitimlar tuzishga chaqirdi.

Ma'lumot uchun: UzCharmExpo-2022 – bu O'rta Osiyodagi charm-poyabzal hamda mo'yna va jun sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan ko'rgazmasi. Bu yil o'z stendlari bilan unda 450 dan ortiq mahalliy va 20 ga yaqin xorijiy kompaniyalar ishtirok etmoqda. Ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilar sifatida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Vengriya, Latviya, Rossiya, Belorusiya, Polsha va boshqa mamlakatlarning 1500 ga yaqin mahalliy va xorijiy kompaniyalari vakillari ro'yxatdan o'tgan. Faxriy mehmonlar orasida Xalqaro charmchilar Kengashi, Xalqaro mo'yna federatsiyasi, bir qator davlatlarning milliy uyushmalari, charm, poyabzal va mo'ynali mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari kengashlari va uyushmalari bor.

Ko'rgazma doirasida eksportni hajmlarini oshirish, xalqaro sifat sertifikatlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash sohalarida turli mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha mustahkam hujjatlar to'plami imzolanishi kutilmoqda.