Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda Markaziy Osiyoning transport va tranzit jihatidan o'zaro bog'liqlik istiqbollari belgilanmoqda

26-27-oktabr kunlari Toshkentda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashabbusi bilan Yevropa Iqtisodiy komissiyasi, Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO), Islom taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo'yicha maxsus dasturi (SPECA) Ishchi guruhining mintaqada transport va logistika jihatidan o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish bo'yicha 27-yig'ilishi bo'lib o'tmoqda.

Tadbirning birinchi kunida yig'ilish qatnashchilari COVID-19 pandemiyasining SPECA mintaqasiga ta'siri, shu kabi muammolarni bartaraf etish usullari hamda milliy va xalqaro transport infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha loyihalari va tashabbuslarini muhokama qildilar. YIK vakili Nenad Nikolic va ESKATO vakili Behzod Rahmatovning hisobotlari tinglandi.

SPECA dasturida ishtirok etuvchi mamlakatlarning tashqi savdo, transport, tranzit va boshqa sohalarga oid xalqaro konvensiya va bitimlarda ishtiroki muhokama etildi.

Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston vakillari avtomobil va temir yo'l infratuzilmasi, havo transportini samarali tashkil etish va boshqarish bo'yicha tajriba almashdilar. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda yangi transport yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirishga, Toshkentda transport va kommunikatsiyani rivojlantirish Mintaqaviy markazini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.

Tadbir davomida Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi, Osiyo Taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki vakillari bilan infratuzilmani yaxshilash, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va xalqaro yoʻlaklarni rivojlantirish boʻyicha SPECA mamlakatlariga texnik yordam ko’rsatish loyihalari muhokama qilindi.

27-oktabr kuni tadbir doirasida BMTning transport, logistika, transport va savdo standartlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, sohani raqamlashtirish istiqbollari muhokama qilinadi, shuningdek, o‘quv seminari tashkil etiladi.