Toshkentda mintaqaviy va xalqaro savdo masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 28-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili tomonidan “Savdo olami: tendensiyalar va dinamika” nomli mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligining (USAID) “Markaziy Osiyoda savdo munosabatlari” dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro savdoni rivojlantirishning so‘nggi tendensiyalari, jahon savdosi barqarorligini saqlash va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda JSTning rolini muhokama qilish bo‘ldi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz Urunov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian, JST Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan, Berndagi Jahon savdo instituti professori Piter Van Den Bosh, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlar vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev yig‘ilganlarga qutlov so‘zi bilan murojaat qilar ekan, jahon savdosining asosiy tendensiyalari va muammolarini qayd etdi, iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash uchun xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirish, va ayniqsa, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonini jadallashtirish muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Mintaqaviy konferensiya davomida global savdodagi pandemiyadan keyingi tendensiyalar, JSTga yangi a’zo bo‘lgan mamlakatlar muammolari va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida JST qoidalarini joriy etish muammolariga bag‘ishlangan panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyalarda ekspertlar tomonidan savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, “yashil” va raqamli savdoni rivojlantirish, JSTga a’zolikning afzalliklari va asosiy masalalari, qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsiyalar, fitosanitariya va sanitariya standartlarini joriy etish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida hukumatlar, biznes va jamiyatning xalqaro savdodagi rivojlanish tendensiyalari va mavjud muammolari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va Markaziy Osiyo mintaqasi Osiyo va Yevropani bog‘laydigan noyob tranzit markaz sifatida xalqaro savdodagi rolini kuchaytirish maqsadida bunday tadbirlarni o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.