Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Toshkentda O‘zbekiston-Eron Hukumatlararo komissiyasining 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 31-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning (HK) 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Eron tomonidan esa Eron Islom Respublikasi sanoat, konlar va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Said Mahdiy Niyoziy hamraislik qildi. Unda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibi doirasida investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sanoat kooperatsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari har tomonlama ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasi qayd etildi: so‘nggi uch yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Bu yoʻnalishda munosabatlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, tomonlar kimyo sanoati mahsulotlari, asbob-uskunalar, qurilish materiallari, ipak, toʻqimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar oʻzaro yetkazib berish hajmini koʻpaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini imzolash, Imtiyozli savdo bitimini qabul qilishni jadallashtirish, ikkala davlatning hududlarida “Made in Iran” va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmalarini o‘tkazishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, ikki tomonlama savdodagi toʻsiqlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha ishchi guruh tuziladi.

Investitsiyalar sohasida hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Oxirgi besh yil ichida O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga ko‘payib, 420 taga etdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki mamlakatning yirik kompaniyalarini jalb etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar sohada oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar kelishib olindi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha muzokaralar davomida erishilgan barcha ikki tomonlama kelishuvlarni aks ettirgan hamda O‘zbek-Eron hamkorligini har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan Yakuniy bayonnoma imzolandi.

Kun tartibi doirasida, shuningdek, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni faollashtirish, O‘zbekistonda ish olib borayotgan eronlik investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish maqsadida davra suhbati ham tashkil etildi.